13-noyabr — Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni
Inson qalbining nuri ko‘z bilan emas, yurak bilan ko‘riladi. Shu bois, bugungi Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni — nafaqat ko‘rish imkoniyatidan mahrum insonlar, balki mehr va e’tibor izlayotgan barcha qalblar uchun muhim sanadir.
Andijon viloyati yoshlar teatri jamoasi 12-noyabr kuni ezgulik va mehr-shafqat ramzi sifatida “Diydor shirin” nomli xayriya konsert dasturini taqdim etdi. Tadbir Andijon viloyati Ko‘zi ojizlar kutubxonasida o‘tkazilib, unda barcha tumanlardan tashrif buyurgan ko‘zi ojiz insonlar ishtirok etdilar.
Teatr jamoasining samimiy chiqishlari, musiqiy sahnalar va iliq so‘zlar mehmonlarning qalbini quvonchga to‘ldirdi. Tadbir yakunida tomoshabinlar bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun minnatdorchilik izhor etdilar.
Bu kun — bizni mehr, insonparvarlik va hamdardlikka chorlaydigan ma’naviy esdalikdir.